O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va “HiChina” o‘rtasida imzolangan Memorandum doirasida qo‘shma tadbirlar boshlab yuborildi. Tadbirda ishtirok etish uchun 2019 yil yanvar oyida Xitoydan bir guruh talabalar, shuningdek sharhlovchi sifatida professorlar va doktorantlar tashrif buyurishdi.

 Bunday uchrashuvlar tashkil qilinishidan asosiy maqsad -  O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashinish, do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yish va keyinchalik ta’lim va innovatsiya sohasidagi “Yosh yetakchi X” loyihasini ishga tushirishdan iboratdir.

Bu borada Xitoy delegatsiyasini taqsimlash natijasida Ilmiy-amaliy markazga 2 ta mutaxassis ajratildi. Suhbat sermahsul bo‘lganini e’tirof etish joiz. Mehmonlar Markaz faoliyati, maqsadlari va kelgusidagi rejalari, ishlab chiqilayotgan laboratoriyalar, o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “INNOWEEK -2019” Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi bilan tanishtirildi. Shuningdek, O‘zbekistonning iqtisodiy yangiliklari ham muhokama qilindi, ayniqsa mehmonlarga kichik va o‘rta korxonalar bilan bog‘liq bo‘lgan holat, ya’ni loyihalarni tijoratlashtirish qanday sharoitlarda amalga oshirilayotgani katta qiziqish uyg‘otdi. Shu bilan bir qatorda talabalar bilan almashinish qo‘shma dasturini ishga tushirish, yozgi oromgoh ochish, keyinchalik O‘zbekistonga qaytib kelish sharti bilan Xitoyda robototexnika sohasida o‘qitish bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi.

Suhbat yakunida xitoylik vakillar “INNOWEEK-2019” haftaligida ishtirok etish uchun Xitoy kompaniyalari ro’yxati bilan bajonidil o‘rtoqlashdilar.

           Suhbat yakunlangach, Markaz direktori o‘rinbosari A.Sobirxonov mehmonlarni Turin universitetiga taklif qildi . Ushbu do‘stona muhitda Markaz xodimlari o’zaro aloqa uchun ma’lumotlar almashishdi,  mehmonlar O‘zbekistonda madaniy hordiq chiqarish uchun maslahatlar olganliklaridan mamnun bo’lishdi.