Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi robototexnika musobaqasi  boʻyicha  Xalqaro Komitetning rasmiy vakili boʻldi

 

            2018-yil 18-dekabrda Manila shahrida (Filippin) Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi va robototexnika musobaqasi boʻyicha Xalqaro Komitet - “IROC” (International Robot Olympiad Committee) oʻrtasida kelishuv memorandumi imzolandi.

Maʼlumki, 2018-yilning 23-26-oktyabr kunlari Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkazilgan “InnoWeek” innovatsion haftaligi doirasida robototexnika boʻyicha xalqaro musobaqa(International Robotics Challenge)  tashkil qilindi.  Robototexnika musobaqasi boʻyicha Xalqaro Komitet Toshkentda oʻtkazilgan tadbir “International Robotics Challenge” natijasida,   Manila shahrida oʻtkaziladigan “IRO” (robototexnika boʻyicha xalqaro olimpiada) siga taklif qilindi. Shuni taʼkidlash muhimki, 1999-yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan xalqaro musobaqada butun dunyodan 50 000 ishtirokchi qatnashib kelmoqda.  

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi va robototexnika musobaqasi boʻyicha Xalqaro Komitet oʻrtasidagi kelishuvga koʻra, Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi “IROC” robototexnika musobaqasi boʻyicha Xalqaro Komitetning rasmiy vakili boʻldi. Shuningdek, markaz “IROC”ning Oʻzbekiston boʻyicha milliy jamoani saralash musobaqalarini tashkil qilish va xalqaro musobaqalarda ishtirokini taʼminlashni qoʻlga kiritdi.

Ushbu loyihadan asosiy maqsad – Oʻzbekiston boʻylab robototexnika musobaqalarini ommalashtirish, yoshlarni innovatsion texnologiyalariga boʻlgan qiziqishlarini orttirish, dunyoning barcha burchaklaridan isteʼdodli yoshlarni jalb qilish va yoshlarda ijodiy mushohada yuritish qobiliyatlarini rivojlantirishdan iboratdir.