.
.
. .

14:56, 04.11.2019 | 83

Ayni paytda InnoWeek innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida oʻtayotgan “Innovatsiyalar va texnologiyalar transferida intellektual mulkning ahamiyati” mavzusidagi mintaqaviy seminar boʻlib oʻtmoqda. Mazkur tadbir Innovatsion rivojlanish vazirligi va Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi tomonidan tashkil etilgan.

Mintaqaviy seminarni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, BMTning Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi (OTTTM) rahbari Michiko Enomoto xonim hamda Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori, Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazining Oʻzbekistondagi rasmiy vakili Shahobiddin Sharifov ochib berdi.

Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi (OTTTM) – BMTning Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO)ning hududiy muassasasi boʻlib, Osiyo va Tinch okeanidagi davlatlarning kichik va oʻrta biznes korxonalariga texnologiyalar transferi bilan shugʻullanadi. Mazkur seminar markazning faoliyatini jamoatchilikka va manfaatdor tashkilotlarga tanishtirishni ham oʻz oldiga maqsad qilgan.

Ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar barqaror iqtisodiy rivojlanishning va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishning asosi hisoblanadi. Intelllektual mulk texnologiyalar transferi jarayonining muhim boʻgʻini boʻlib, u innovatsion mahsulotlar yaratish, biznes jarayonlarni jadallashtirishga xizmat qiladi. Intellektual mulk innovatsion texnologiyalarni bozorga olib chiqishni yengillashtiradi, shuningdek, intellektual mulkka egalik qiladigan ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy markazlarning raqobatbardoshligini oshiradi. Intellektual mulkka patentlar, turli xil uslublar, tovar berlgilari, tijorat sirlari, sanoat namunalari, mualliflik huquqi, joʻgʻrofiy koʻrsatkichlar kiradi.

Seminarda Intellektual mulkning ahamiyatini inobatga olgan holda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalarning rivojlanishi muhokama etilmoqda. Tadbir ishtirokchilari intellektual mulk siyosatini yurgizish, bu sohadagi ilmiy-texnik tadqiqotlar va boshqaruv masalalarida tajriba almashib, texnologiyalaar transferi va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishni yengillashtirish boʻyicha fikr almashmoqdalar. Seminarning maqsadi texnologiyalar transferining transchegaraviy jihatlarini oʻrganish va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdir.