Sotuvchisiz savdo shaxobchalari faoliyati yoʼlga qoʼyiladi

.
.
. .

10:36, 16.06.2020 | 114

Sotuvchisiz savdo shaxobchalari faoliyati yoʼlga qoʼyiladi

      Insoniyat doim tarraqiyot sari intilib yashagan. Unga erishish yoʼlida turli kashfiyotlar va ilmiy izlanishlar olib borgan. Natijada erishilgan yutuqlar mahsuli boʼlgan turli innovatsiyalar maʼlum davrga tegishli boʼlgan turli sohalar yoʼnalishida oʼziga xos inqirozni yuzaga keltirib chiqardi. Yillar davomida amal qilingan, bugunga kelib shiddatli davr talabiga javob berishga ojiz boʼlib qolgan maʼlum bir soxaga oid usullardan yoki tarmoqlardan voz kechildi. Аlbatta, bularning bari insonning yaxshi yashashi va farovon hayot kechirishi uchun qulay muhit yaratishga zamin hozirladi desak mubolagʼa boʼlmaydi. Shu bois, hamma vaqt innovatsiya faoliyatining yutuqlaridan unumli foydalanish va uni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlar keng jamoatchilikda katta qiziqish uygʼotib kelgan.

     Hozirda davlatimizning innovatsiya faoliyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni va bu borada erishilgan yutuqlarni amaliyotga tadbiq etish, shuningdek yurtimizning hududiy iqlim sharoitidan kelib chiqib mintaqalarni rivojlantirish borasida yagona davlat siyosatini olib borayotgan Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining faoliyatini nafaqat diyorimizda balki xalqaro miqyosda kuzatib boruvchilar soni kundan-kunga koʼpayib bormoqda. Qolaversa, mazkur jarayonlarda oʼzlarining istiqbolli loyihalari bilan ishtirok etish istagini bildirayotgan xalqaro va mahalliy ekspertlarning soni kun sayin ortib borayotgani quvonarli hol. Аlbatta, bularning bari davlatimiz tomonidan soha rivoji uchun olib borayotgan islohotlarning samarasidir.
         Darvoqe, mazkur vazirlik tomonidan yaqinda yana bir nechta innovatsion loyihalarni hayotga tadbiq etilishi rejalashtirilgan. Mutaxassislar mazkur loyihalar jamoatchilikda katta qiziqish uygʼotishiga umid qilmoqda.
         Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi jamiyat va davlat hayotining innovatsiya sohasi izchil va barqaror rivojlantirish yoʼlida Fargʼona viloyati hududini rivojlantirish maqsadida “Oson Market 24/7” avtomatlashtirilgan savdo shaxobchasi va “Аvtomatlashtirilgan yoqilgʼi quyish shaxobchasi” loyihasi amalga oshiriladi.

        Mazkur “Oson Market 24/7” avtomatlashtirilgan savdo shaxobchasi loyihasi aholi gavjum boʼladigan koʼchalar uchun moʼljallangan boʼlib, fuqarolar avtomatlashtirilgan toʼlov tizimi orqali elektron tarzda toʼlovni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Eng muhimi, savdo shahobchalari sotuvchisiz elektron tarzda yoʼlga qoʼyiladi.
      “Аvtomatlashtirilgan yoqilgʼi quyish shaxobchasi” loyihasi orqali aholi xizmat kursatuvchi shaxslarisiz barcha xizmatlarni amalga oshirishi mumkin. Yaʼni elektron tarzda toʼlovni amalga oshirib avtomobilga yonilgʼi quyish mumkin boʼladi. Natijada shaxobchalarda navbat kutish va aholi gavjum boʼlishi kabi holatlari bartaraf etiladi.
         Muxtasar aytganda, mazkur loyihalarning hayotga tadbiq etilishi xalqimiz uchun bir qator qulay sharoit va imkoniyatlar taqdim etishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Аziza Аslanova