“Ixtironi innovatsiyaga aylantirish bizning vazifamiz” - Akbarxon Sobirxonov

.
.
. .

18:19, 07.08.2019 | 36

“Ixtironi innovatsiyaga aylantirish bizning vazifamiz” - Akbarxon Sobirxonov

Innovatsiya bu – biror bir ixtiro bozorga chiqarilib,  tijoratlashtirilsa va buning natijasida insonlar hayotiga foyda keltirib, ularning yumushlari yengillashsagina,  innovatsiyaga aylanadi. Bugun Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Media markazida “Mamlakatimizda Start-up loyihalarining zamonaviy ekotizimini shakllantirish: imkoniyat, salohiyat va natijalar” mavzusida Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Innovatsion rivojlanish vazirligi vakillari, mahalliy yirik tadbirkorlar, yosh startapchilar va jurnalistlar ishtirok etishdi. Qizgʻin munozaraga boy boʻlgan sessiyada Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Azimjon Nazarov, vazirning xalqaro maslahatchisi Yerbol Suleymenov, Ilgʻor texnologiyalar markazi direktori Shahlo Turdiqulova, Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori oʻrinbosari Akbarxon Sobirxonov, “Yashnobod” texnoparki direktori Farhod Jumayev,  Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi direktori Oxunov Bunyodjon sessiya qatnashuvchilari - ekspertlar va tadbirkorlarning savollariga  javob berishdi. Oʻziga xos noyob maydonchaga aylangan Xalqaro press klubda sohadagi mavjud muammolar, kamchiliklar va yutuqlar muhokama qilindi.

            

         Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori oʻrinbosari Akbarxon Sobirxonovning soʻzlariga koʻra: “Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazining asosiy vazifasi yosh startapchilar bilan ishlash boʻlib, startaplarning har bir bosqichini amaliyotga tadbiq etish bilan shugʻullanadi. Har bir yosh oʻziga yarasha intellektual salohiyatga ega, ularning har birida gʻoya bor. Har bir gʻoyani prototipgacha boʻlgan bosqichga olib kelish, undan keyin uni ishlab chiqarishga joriy etishgacha boʻlgan davrda yoshlarni qoʻllab quvvatlash bizning asosiy vazifamiz. Har bir startaplarni joriy qilishdan oldin buni chet elda analoglari bormi,  Oʻzbekiston sharoitida unga ehtiyoj qay darajada,  ishlab chiqarish yoʻllari kabi omillar toʻliq oʻrganiladi. Agar bunga ehtiyoj boʻlgan taqdirda ham startaplarga investorlarni jalb qilish masalalari ham muhim o’rin tutadi.

Maʼlumki, ishlab chiquvchi texnik xodim hisoblanadi, marketolog emas. Marketingni ham yosh startapchilarga biz oʻrgatamiz.  Oddiy soʻz bilan aytganda biz olimlar, yaʼni ilm-fan yutuqlari va ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi koʻprik vazifasini bajarishimiz kerak. Yaʼni, marketolog vazifasini bajarishimiz lozim. Hozirgi kunda har bir iqtidorli yoshlar bilan individual tarzda ishlash, ularga oʻz vaqtida tushuntirish ishlarini olib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Bizning markazimiz binosi bitganidan soʻng Startaplarning turli yoʻnalishlari boʻyicha alohida joylar ajratilib, maxsus sharoitlar yaratilishi rejalashtirilgan. Bu borada startapchilar bizga murojaat etishlari mumkin. Biz ular bilan hamkorlikda ishlashga har doim tayyormiz. Shuningdek, eng soʻnggi zamonaviy texnologiya bilan jihozlangan 6 ta laboratoriyalarimiz ilmiy tadqiqotchilar, olimlar va iqtidorli talabalar foydalanishlari uchun topshiriladi.

Bular:

  1. Robototexnika va mexatronika laboratoriyasi
  2. Uchuvchisiz parvoz etuvchi qurilmalar laboratoriyasi
  3. 3D prototiplashtirish laboratoriyasi
  4. Aerokosmika laboratoriyasi
  5. Sanoat sohasidagi internet buyumlari laboratoriyasi
  6. 5G yangi avlod taromoqlari laboratoriyasi.

Shundan birgina robotexnika laboratoriyasini oladigan boʻlsak, uning oʻzida 4 ta yoʻnalish faoliyat koʻrsatadi. Birinchisi taʼlim yoʻnalishi boʻlib, unda biz iqtidorli yoshlar orasidan tanlov asosida oʻquvchilarni tanlab olamiz va ularga soha boʻyicha eng mahoratli mutaxassislar tomonidan taʼlim beriladi. ikkinchi yoʻnalish ilmiy tadqiqot hisoblanib, bunda izlanuvchilar laboratoriyamizdagi yaratilgan shart-sharoitlardan foydalanib, ilmiy ishlarini davom ettirishlari mumkin boʻladi. Uchinchi yoʻnalishda tanlovlar oʻrin olgan boʻlib, unda avvalo, yurtimiz boʻylab dronlar, robototexnika, 3D prototiplashtirish, IT, 5G sohalari boʻyicha tanlovlar tashkil qilinib, eng sara innovatsion gʻoyalarni xalqaro miqyosdagi musobaqalarga olib chiqishimiz zarur. Sinov tariqasida robototexnika boʻyicha yurtimizda tanlov boʻlib oʻtmoqda va bu borada yoshlarimiz xalqaro miqyosda yaxshi natijalarga erishmoqda. Toʻrtinchi yoʻnalish esa bu - tijoratlashtirish. Unda taʼlim va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlaridagi loyihalarni tijoratlashtiramiz.

Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazining faoliyat olib borayotganiga hali uncha koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. 1 yarim yil mobaynida aynan markaz yordamida amaliyotga joriy etilgan bir nechta innovatsion ishlanmalar mavjud.

Bulardan biri innovatsion hassa loyihasi boʻlib, uning amaliyotga tadbiq etilishi natijasida koʻzi ojiz va eshitishida nuqsoni boʻlgan insonlar hayotini yengillashtirishga, jamiyatga moslashishlariga yordam berdi desak adashmaymiz”.