Innovatsion ishlanmalarni hayotga tatbiq etish – taraqqiyot garovi

14:35, 24.02.2021 | 103

Innovatsion ishlanmalarni hayotga tatbiq etish – taraqqiyot garovi
 
 

Har qanday sohaning istiqboli, rivojlanishini ilm-fan yutuqlarisiz tasavvur etish qiyin.

   Hozirgi global rivojlanish davrida, qayerda innovatsion ishlanmalar hayotga izchil tatbiq etilsa, o‘sha joyda o‘sish bo‘ladi.

    Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni joriy etish hamda aholi hayot darajasi va farovonligining barqaror o‘sishiga imkon beruvchi faol tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, fan va innovatsion faoliyat jadal rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

    Innovatsiyalarning turli sohalardagi faoliyatga joriy qilinishi iqtisodiy o‘sishga olib keladi va davlatning rivojlanishida bosh omil, ilmiy-texnik rivojlanishning natijasi sifatida namoyon bo‘ladi.  

    Bilamizki, barcha rivojlangan mamlakatlarda, ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar uchun katta e’tibor beriladi. bugungi kunda biz ham ilmiy yutuqlar, yangi texnologiyalar orqali iqtisodiy o‘sishga erishishimiz kerakligini anglashimiz zarur. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, «Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamiz»dir.

    bugungi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazida yoshlarimizning innovatsion g‘oyalari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Markazdagi yoshlar o‘zlarining yangi ishlanmalari va texnologiyalari bilan startap-loyihalarda ishtirok etib, o‘zining salohiyatini ko‘rsatib kelmoqda.

    Markazda ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan 6 ta yo‘nalishdagi ya’ni robototexnika va mexatronika, uchuvchisiz parvoz etuvchi qurilmalar, 3D prototiplashtirish, aerokosmik, sanoat sohasidagi internet ashyolari va 5G yangi avlod tarmoqlari laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

    Hozirgi kunda barcha hududlarda tashkil etilayotgan Yoshlar texnoparkining innovatsion kelajak uchun ahamiyati juda katta. Texnoparklar – ilm-fan, ta’lim hamda ishlab chiqarish sohalarining integratsiyasini ta’minlovchi kommunikatsion maydon hamda texnologik platforma vazifasini bajaradi. Robototexnika, 3D prototiplashtirish, sun’iy intellekt, muqobil energiya manbalari, axborot texnologiyalari sohalarni o‘z ichiga oladi.

      Yana bir loyihamiz “TexnoBus” texnologik mobil ta’lim platformasi hisoblanib, chekka hududlarda yashovchi yoshlarning zamonaviy ta’lim yo‘nalishlarida bilim olishlari uchun mo‘ljallangan. “TexnoBus” ta’lim platformasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich joriy qilinayotgan Yoshlar texnoparkining asosini tashkil etishi va unda faoliyat olib boruvchi iqtidorli yoshlar jamoasini shakllantirish maqsadida ishlab chiqildi.

    “TexnoBus” mobil ta’lim platformasi infratuzilma bilan bog‘liq emasligi uni qisqa vaqt ichida kam xarajat qilgan holda hududlarda joriy etish imkonini beradi. Chunki “TexnoBus” barcha qulayliklarga ega bo‘lib, kerakli bo‘lgan zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan bo‘ladi.  

     “TexnoBus” ta’lim platformasida yoshlarga robototexnika, 3D  prototiplashtirish, sun’iy intellekt, muqobil energiya manbalari, dasturlash, VR/AR sohalari bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlar berib boriladi. Platforma amalda qo‘llanilishi orqali bugungi kunda tizimda mavjud bir nechta muammolarni hal qilish imkoniyati yaratiladi.

    “TexnoBus” loyihasining asosiy maqsadi chekka hududlardagi iqtidorlarni aniqlash va ularning imkoniyatlarini yuzaga chiqarish hisoblanadi. U barcha qulayliklarga ega bo‘lib, kerakli zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr tarmog‘i, elektr toki generatori va akkumulyator orqali quvvat olish imkoniga ega «O‘zOtayo‘l» modelidagi ta’lim avtobusida bir vaqtning o‘zida 12 nafar o‘quvchini o‘qitish mumkin.

Shu bilan birga, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “InnoWeek.uz-2020» xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligining www.innoweek.uz onlayn platformasi ishga tushirildi. Haftalik doirasida “International Robotics Challenge” xalqaro robototexnika musobaqasi ilk marotaba onlayn formatda tashkil etildi. Unda 11 ta davlatlardan 200 ga yaqin yoshlar ishtirok etdi.

Musobaqa “Stairway from Heaven”, “Chimney” va “Build the future” yo‘nalishlarida o‘tkazilib, g‘oliblar egallangan o‘rinlar bo‘yicha sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. “Build the future” yo‘nalishining ikkala yosh toifasida ham birinchi o‘rinni O‘zbekiston vakillari egalladi.

    “InnoWeek.uz-2020» doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e’lon qilingan «Ilm-fan va taraqqiyot» mavzusidagi eng yaxshi jurnalistik maqolalar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi. Haftalik doirasida «Innovatsion g‘oyalar yetakchisi» ko‘krak nishonining 2020 yilgi g‘oliblari taqdirlandi.

    bugungi kunda Xalqaro reytinglarda mamlakatimiz o‘rnini yaxshilashga, innovatsion g‘oyalarni, texnologiyalar va loyihalarni ishlab chiqarish jarayoniga keng joriy qilishga erishildi. Global innovatsion indeks asoschilari bilan aloqa o‘rnatilib, reyting talablari bo‘yicha xalqaro tashkilotlarga zarur ma’lumotlar va ko‘rsatkichlarni muntazam yuborilishi natijasida O‘zbekiston Respublikasi 2015 yildagi 122 o‘rindan 2020 yilda 93 o‘rinni yuqoriladi.

    Bundan tashqari, tadqiqot o‘tkazish va nazariy bilim olishga mo‘ljallangan laboratoriyalarimizda ham yosh olimlar tomonidan ishlanmalar qilinmoqda. Ular ilmsiz, innovatsiyasiz oldimizga qo‘ygan maqsadlarga hech qachon erisha olmasligimizni, yangi marralar sari harakat qilishimiz kerakligini bilishadi.

    Ilm-fanni ishlab chiqarish bilan bog‘lash, hududlardagi innovatsion salohiyatni oshirish, ilmiy-texnik va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, yoshlarni robototexnika va elektrotexnika sohalariga qiziqtirish maqsadida Yoshlar texnoparklarining bunyod etilishi soha rivoji uchun katta imkoniyatdir.

    Albatta, innovatsion ishlanmalarni hayotga joriy qilishdan avval butun mamlakat bo‘yicha yoshlar uchun kerakli imkoniyatlarni yaratishimiz, ularga faqatgina milliy adabiyotlar orqaligina ta’lim berish emas, xorijiy tillarda chop etilgan adabiyotlar bilan ta’minlashimiz, jahon ilm-fani bilan yaqindan tanishtirishimiz kerak.

    Shuni alohida qayd etish lozimki, hozirgi globallashuv asrida insonlarning dunyoqarashi, fikri kun sayin o‘zgarib bormoqda. bugungi kunda ularni hayratlantirish, ko‘nglidan chuqur joy oladigan loyihalarni ishlab chiqish ham qiyinlashib bormoqda. Buning asosiy sabablaridan biri ularning zamonaviy axborot kommunikatsiyalaridan faol foydalanishi, dunyoda ro‘y berayotgan yangiliklar, voqea-hodisalardan tez xabardor bo‘lishidir.

Shunga ko‘ra, ilmiy-amaliy markaz tomonidan yoshlarning ilmiy iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy faolligini oshirish, ularda ijodkorlik, kreativlik qobiliyatlarini yanada rivojlantirish maqsadida yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda. O‘ylaymanki, bu loyihalar ularning iste’dodi, ixtirolari, ishlanmalarini hayotga tatbiq etishda muhim rol o‘ynaydi.

Shahobiddin SHARIFOV,

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi

Innovatsion ishlanmalarni joriy etish

ilmiy-amaliy markazi direktori

 

https://uza.uz/oz/posts/innovatsion-ishlanmalarni-hayotga-tatbiq-etish-taraqqiyot-garovi_244165