InnoWeek-2019: “Yosh innovatorlar” tanlovi gʻoliblari bilan tanishing!

.
.
. .

12:51, 04.11.2019 | 21

InnoWeek-2019 Innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida yoshlar oʻrtasida eng yaxshi novatorlik yechimlar boʻyicha “Yosh innovatorlar” tanlovi gʻoliblari eʼlon qilindi. Koʻrgazmada 17 ta xorijiy va 29 ta mahalliy korxona va tashkilotlar oʻz ishlanmalarini taqdim etgan boʻlsa, ular orasida yoshlar koʻpligi eʼtiborlidir.

“Yosh innovatorlar” tanlovi 18 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan koʻrgazmada qatnashgan ixtirochilar oʻrtasida oʻtkazildi. Bunyodbek Zaripov koʻzi ojiz insonlar uchun moʻljallangan “Innovatsion hassa” ishlanmasi bilan 1- oʻringa sazovor boʻldi va 15 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi. 2-oʻrinni Sulton Abidov namlikni shimdirmaydigan, shu bilan bir qatorda havo oʻtkazadigan, infeksiyalarga qarshi xususiyatga ega“Lotus bint” ishlanmasi uchun oldi. Sulton Abidovga 10 million soʻm miqdorida sertifikat topshirildi. 3-oʻrin uch nafar qizlardan iborat jamoaga loyiq topildi. Shahnoza Boboyorova, Shahlo Norboyeva va Maftuna Shamileva tomonidan taqdim etilgan ishlanma ham tibbiyot sohasi bilan bogʻliq boʻlib, ular oddiy xlor va oltingugurt moddalaridan sanitariya va tibbiy soha uchun arzon tionil xlorid olish texnologiyasini ishlab chiqishgan. Innnovator-qizlar jamoasi 7 million pul mukofotiga erishdilar.

Bundan tashqari, Shohrux Haydarov va Firdavs Neʼmatzoda Izroilda stajirovka oʻtash uchun yoʻllanma oldilar. Shohrux Haydarov avtomobillarni uyali telefon orqali boshqarish dasturini ishlab chiqqan boʻlsa, Firdavs Neʼmatzoda sunʼiy intellekt asosida 16 ta tilda muloqot qiluvchi robot yaratgan.

Tanlov gʻoliblarini qutlaymiz!